Xalqaro dzyudo federatsiyasi dunyo dzyudo hamjamiyati uchun IJF FIT onlayn-platformasini yoʻlga qoʻydi

Chop etish Yuklab olish (12 Kb)

Xabaringiz bor, butun dunyo boʻylab koronavirus pandemiyasining xavfi tufayli sport musobaqalari va mashgʻulotlar jarayonlari bekor qilingan edi. Ayni kunlarda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat yumshab borayotgani sabab, asta-sekinlik bilan oraliq masofalarni saqlagan holda mashgʻulotlar oʻtkazishga ruxsat berilmoqda.

Ammo, hozirda butun dunyoda boʻlgani kabi bizning mamlakatimizda ham sportning yakka kurash turlari bilan shugʻullanuvchilar, xususan, dzyudochilar odatdagi toʻlaqonli mashgʻulot oʻtkazish imkoniyatidan mahrum boʻlib turibdi. Lekin bu holat sportchilarga jismoniy tayyorgarliklariga beeʼtibor boʻlish, sport formalarini ushlab turmaslik uchun bahona boʻla olmaydi. Ular gʻalabalarga hamisha chanqoq hamda tayyor turmoqlari shart.

Yuqorida keltirilgan talab va meʼyorlarni inobatga olgan holda Xalqaro dzyudo federatsiyasi dunyo dzyudo hamjamiyati uchun IJF FIT onlayn-platformasini yoʻlga qoʻydi. Bu boʻyicha Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Kamilov federatsiyaning viloyat boshqarmalari hamda boʻlimlariga murojaatnoma yoʻlladi.

Murojaatnomada onlayn-platformaning dinamik hamda original fitnes-mashgʻulotlari borasida maʼlumot berib, oʻzbek dzyudosi vakillarini ushbu yangi loyihaning ommalashishida faol boʻlishga chaqirmoqda.

Onlayn-platformada jahonning koʻzga koʻringan dzyudo ustalari tomonidan bajarilgan mashgʻulotlar berib boriladi. Bu orqali ular sayyoramizning barcha dzyudochilarini harakatda boʻlishga, bir-birlari bilan musobaqalashishga chorlashyapti. Shuningdek, saytda peshqadam ishtirokchilarning reyting jadvali eʼlon qilib boriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali